Mədəniyyət

Birlashtirgay qalblarni – san’at!

Kuni kecha Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston milliy Maqom san’ati markazi, O‘zbek milliy musiqa sa’nati instituti, Ozarbayjon xalqaro Mug‘om markazi hamda Qorabog‘ Mug‘om guruhi hamkorligida “Turkiston” san’at saroyida “Do‘stlik ko‘prigi” konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Do‘stlikni ulug‘lovchi ushbu konsertga men ham bordim va ajoyib taassurotlar bilan konsertdan qaytdim. Keling, ushbu taassurotlarimni siz bilan ham o‘rtoqlashsam.

“So‘zdurki, nishon berur o‘likka jondin,
So‘zdurki, nishon berur, jonga jonondin”, – deya yozgan edi, Hazrat Alisher Navoiy.

Haqiqatan ham, so‘z – buyuk qudratga ega! So‘z tiriltiradi. Negaki, so‘zda jon bor, so‘zda hayot bor, so‘zda sehr bor. Shuning uchun ham, hazrat Mir Alisher “Navoiy” taxallusida bejiz ijod qilmaganini yana bir dafa angladim bugun. Negaki, “Navoiy” taxallusi “kuy”, “ohang”, “navo” demakdir. Chunki, go‘zal kuy, musiqa, san’at insonga ruhiy, ma’naviy ozuqa beradi, tuyg‘ularini yanada mavjlantiradi. Anglasak, kuyning ham sehri bor! Kuy – mo‘jizakor xislatga ega! Shuning uchun ham, san’atni yurakdan yonib sevish kerak. Siz unga mehringizni bersangizgina, ana o‘shanda, u siz bilan dildosh bo‘la oladi. Shundagina, nola, kuy so‘z sehri bilan uyg‘unlashadi va yurakka malhamdek kirib boradi. Shu sababdan ham, kuy va so‘zni bir-biridan ajratib bo‘lmagay.

Muhtasham san’at saroyidamiz… Bir necha daqiqalardan so‘ng, jonli ijrodagi konsert boshlanish arafasida… Hammadan ham ko‘ra kuchli hayajondaman! Nihoyat, sahnaga boshlovchi chiqib keldi va qarsaklar sadosi ostida konsert boshlandi. Hayajonimning sababi nimaligini hali ham bilmayman. Axir, sahnaga chiqib, qo‘shiq kuylamayman-ku?!

Konsert davomida dilkash navolar ijro etildi, butun bir zal ularga qo‘shilib kuyladi. Bu onlarda har bir insonning, ayniqsa, mening ham quvonchim cheksiz edi. Ushbu kun men uchun faxr tuyg‘usidan shodlangan kunlarimdan biri bo‘ldi. Chunki, Ozarbayjon xalqining buyuk san’atkorlari O‘zbekistonga tashrif buyurib, ikki xalq uchun konsert namoyish etishdi.

Ularga bo‘lgan hurmatim yanada oshdi. Ozarbayjon xalq artisti Mansum Ibrohimov O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, xalqimizning suyukli san’atkori Yulduz Turdiyevani sahnaga chorlab, birga qo‘shiq kuylaganlarida juda quvondim. Men ham ularga jo‘r bo‘ldim. Bildimki, san’at qalblarni birlashtirgay! Butun bir zal ularga qo‘shilib kuylashda davom etdi:

Dağlarda duman gözəldir,
Qaşların kaman gözəldir.
Hüsnünə heç bir söz olmaz,
Gözlərin yaman gözəldir…

Bu qala daşlı qala,
Çınqıllı-daşlı qala.
Qorxuram yar gəlməyə,
Gözlərim yaşlı qala…
Dildosh tuyg‘ular yanada avj olib to‘lqinlandi. Ozarbayjon san’ati bilan meni o‘ziga maftun etdi…

Konsert so‘nggida so‘zga chiqqan ustozlarimiz aytganiday: “Musiqa insonni davolaydi.” Ushbu katta tadbir menda bir dunyo taassurot qoldirdi. Anglasamki, so‘z borki, kuy bor, kuy borki, so‘z bor. San’at bilan qalblar orom topajakdir…

Mening eng oliy istagim, avvalambor, yurtimizda, dunyoda tinchlik bo‘lsin! Chunki, Erkin Vohidov aytganiday:

“El-u yurt tinchligidan ham ulug‘ ganj bormikin?
El-u yurt tinch bo‘lsa, biz ham saodat birlamiz!”

Tinchlikka nima yetsin?! Tinch yurtga mana shunday tadbirlar, bayramlar yarashgaydir. Istaymanki: ikki mamlakat bundan keyin ham yanada yuksalaversin. O‘zbekiston va Ozarbayjonning qadim do‘stlik rishtalari abadiy bo‘lsin!

Rajapova Xulkaroy,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti 2-bosqich talabasi.

Analoq.az

Xəbəri qiymətləndir
[Ümumi: 1 Ortalama: 1]

Back to top button